1. Mana, XXI asrning ham 7 yili o‘tdi. Shu yillar mobaynida o‘zbek tanqidchilari va adabiyotshunoslari ham baholi qudrat ijod bilan mashg‘ul bo‘ldilar. Binobarin, sizningcha, yangi asr adabiyot ilmida qanday o‘zgarishlar yuz berdi?
2. O‘zbek tanqidchiligi va adabiyotshunosligi oldida qanday muhim vazifalar turibdi, deb o‘ylaysiz?
Kechagidek yodimda: o‘tgan asrning 60-yillari oxirida Samarqanddan O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Til va adabiyot institutiga ilm izlab kelgan edik. O‘sha paytda adabiyot ilmining darg‘alari, ustozlar Izzat Sulton, G‘aybulla Salomov, Hodi Zarif, Abduqodir Hayitmetov, Abdurashid Abdug‘afurov (oxiratlari obod bo‘lsin) bilan hamkorlik qilish baxtiga muyassar bo‘lgandik. Biz shogirdlar mumtoz adabiyotimizning yirik allomalari Atoyi, Sakkokiy, Navoiy, Bobur, Ogahiy asarlarini mutolaa qilar ekanmiz, bu kitoblarning ko‘p joyida uch nuqtalarga ko‘zimiz tushardi.
Banda Izzat Sultondan buning sababini so‘raganimda, ustoz kulimsirab: “Payti keladi, bu nuqtalarning o‘rniga so‘z sehrining maysalari, daraxtlarida asal mevalari unib chiqadi”, degan edilar. Mana, 17 yilga yaqin vaqtki, milliy istiqlolimiz sharofati bois, ustozlarimiz orzu qilgan so‘z sehrining maysalari, shirin mevalardan bahramand bo‘lmoqdamiz.
XXI asr boshi mumtoz adabiyotimizning yirik vakili Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va ijodini o‘rganishda barakali davr bo‘ldi. 2002 yili yirik boburshunos olim Saidbek Hasanov rahbarligida “Boburnoma”ning Porso Shamsiev, Sodiq Mirzaev tomonidan 1960 yili tayyorlangan nashri hamda yapon olimi Eyji Manoning bu asarning tanqidiy matni asosida qayta tanqidiy nashrining bosilib chiqishi katta yutuq bo‘ldi. Bu davrda adiblarimiz, olimlarimiz X.Sulton, P.Qodirov, G‘.Salomov, I.Haqqul, B.Valixo‘jaev, Q.Kenja, N.Otajon, A.Ibrohimov va boshqalarning Bobur ijodi va “Boburnoma”ning jahon uzra tarqalishi, turli tillarga tarjima qilinishi borasida birin-ketin adabiy, tanqidiy, adabiyotshunoslikka oid tadqiqotlari nashr etildi. Ulug‘ shoir ijodini o‘rganish va uni ommalashtirish maqsadida olim Zokirjon Mashrabov rahbarligidagi xalqaro ilmiy ekspeditsiya o‘zining safarlarida Bobur ijodi, tarjimai holiga oid qimmatli tadqiqotlarni qo‘lga kiritib, O‘zbekistonga olib keldi.
Mumtoz adabiyotimiz namunalarining chet tillarga tarjima etilib, o‘sha davlatlarda chop qilinayotgani ham yutuqlarimiz sirasiga kiradi. Ammo ijobiy natijalar qatori mumtoz adabiyotni o‘rganish, uni bor jilosi bilan o‘quvchilarimizga yetkazish borasida hali anchagina ishlarni bajarishga ehtiyoj bor. Bugungi kunda Navoiy, Bobur, Ogahiy va hatto XX asr boshidagi ma’rifatparvar adib hamda olimlarimizning asarlarini yanada sinchiklab o‘rganish, tahlil etish zarur. Buning uchun filolog, tarixchi, jurnalistlarimiz arab, fors tillarini hech bo‘lmaganda ilmiy-tadqiqot olib boradigan darajada bilishlari, ushbu xalqlar adabiyoti bilan yaxshi tanish bo‘lishlari zarur. Afsuski, qadimgi manbalar ustida ishlaydigan mutaxassislar safi tobora kamayib bormoqda. Yoshlarni bu ishga jalb etish qiyin kechayotir. Bu masalada yana bir mushkullik mavjud. Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida, oliy o‘quv yurtining filologiya, sharqshunoslik, manbashunoslik ixtisosligi bo‘yicha ta’lim olayotgan kurslarda arab alifbosi va imlosini o‘rganishga soatlar ajratilmagan, ajratilgan joylarda ham qisqartirilgan soatlarda o‘tilmoqda. Ertaga tariximiz, madaniyatimizning bebaho xazinasi bo‘lgan qo‘lyozma va toshbosma shakldagi tarixiy, adabiy, madaniy manbalarni kim o‘rganadi, ulardagi shaxs tarbiyasiga oid, adabiyotimiz va tariximiz boyligini kelgusi avlodlarga kim yetkazadi? Bugungi kunda manbashunosligimiz, adabiyotshunosligimizda yuzaga kelgan ushbu muammo bois, mumtoz adiblarimizning durdona asarlari sharhini, tabdillarini bugungi o‘quvchilarga taqdim etishga majburmiz. Tabdilning ham foydali jihatini inkor etmagan holda aytish joizki, bu ish mazkur adiblarimiz yaratgan asarlarning shirasini pasaytiradi, mazmunini xiralashtiradi, qolaversa, intiluvchan shogirdlarimizni oson yo‘lga boshlab, ularning lug‘at yodlashiga, mumtoz adabiy tilni o‘zlashtirishiga soya soladi. Bu yechimini kutayotgan dolzarb muammolardandir.
Jamoatchilik anchadan buyon Alisher Navoiy qomusining yaratilishini kutmoqda. Xuddi shunday qomusni bugun Zahiriddin Bobur hayoti va ijodi bo‘yicha ham yaratish fursati yetdi. Umuman, bu allomaning ijodi xorijda necha asrlardan beri jiddiy o‘rganilmoqda, asarlarining ilmiy-tanqidiy matni yaratilib, ularni mukammallashtirishga urinilmoqda. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Alisher Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti tarkibida “Zahiriddin Bobur sektori”ni tashkil etish maqsadga muvofiq, deb o‘ylaymiz. Chunki, bugungi kunda Bobur ijodini o‘rganish stixiyali tarzda davom etmoqda. Vaholanki, bu ishning aniq dasturi, istiqbol rejalari, aniq mutasaddi ijrochisi va muddatini istiqboldagi ishlarimiz rejasida aniq belgilab olishimiz lozim. Dastlabki paytda bu sektor Boburning hayot va faoliyati qomusini, asarlari tili entsiklopediyasini, uning mukammal asarlari kulliyotini yaratishni maqsad etsa, keyingi bosqichda u haqda yaratilgan badiiy va ilmiy asarlarning tarjimasi, ijodining analitik tahlili, unga zamondosh bo‘lgan va keyingi asrda yaratilgan nasriy va nazmiy yodgorliklar bilan Bobur asarlarining qiyosiy tadqiqotini amalga oshirish lozim, deb o‘ylaymiz. Zero, Zahiriddin Boburdek entsiklopedik bilimga ega allomaning ijodi hali ko‘ngildagidek o‘rganilmagan. Uning ijodi va faoliyatini ilmiy yoritish orqali kelgusida O‘zbekiston shuhratini dunyoga tanitishda katta imkoniyatlar paydo bo‘ladi.
Manbaa:
uzas.uz